O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi
“Barchaga g‘amxo‘rlik – davlatning burchi”, degan bosh shior ostida g‘alaba uchun kurashamiz
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Maqsuda Vorisovaning saylovoldi dasturi doirasida amalga oshiradigan tashabbuslari aks etgan maqola.
Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Maqsuda Vorisova o‘zining saylovoldi dasturida ijtimoiy tenglik va xalq demokratiyasi mezonlariga mos keladigan davlat va jamiyat barpo etishni maqsad qilib, quyidagi tashabbuslarni ilgari surmoqda:
IJTIMOIY HIMOYA
mamlakatda ijtimoiy tengsizlikning barcha ko‘rinishlariga barham berish;
pensiyani hisoblash tartibini takomillashtirish, ayollarning bola parvarishidagi davrini ish stajiga qo‘shib hisoblash;
nogironligi bo‘lgan shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqa tayinlash;
“Mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish;
og‘ir ijtimoiy ahvoldagi oilalarni ijtimoiy turar joylar bilan taʼminlash.
SOLIQ, SANOAT:
aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq tizimini joriy etish;
asosiy oziq-ovqatlar narxlarini shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini qatʼiy o‘rnatish;
qishloq tumanlariga sanoatni olib kirish.
TIBBIYOT:
aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni taʼminlash;
shifokorlarning ish haqini 3 barobarga, hamshiralarning oyligini esa 2 barobarga oshirish;
dorixonalar va xususiy tibbiy muassasalarga alohida ijtimoiy tashkilot maqomini berish;
tibbiyot xodimlarining shaʼni, qadr-qimmati va sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha qonun qabul qilish.
TAʼLIM:
bolalarni 2 yoshdan maktabgacha taʼlimga qabul qiluvchi maxsus guruhlar tashkil etish;
boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun nonushtalar hamda jamoat transportlaridan foydalanishni bepul asosda yo‘lga qo‘yish;
oliy taʼlim uchun grantlar sonini oshirish.
SUD-HUQUQ:
fuqarolarning sudlarda Xalq maslahatchilari sifatida to‘laqonli ishtirok etishini taʼminlash;
qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlashda jamoatchilikning keng ishtirokini taʼminlash.
BOLANING BEGONASI BO‘LMAYDI
Mehribonlik uylarini bitirib chiqqan yoshlarni uy-joy bilan taʼminlash, ishga joylashtirishning yangi mexanizmlarini joriy etish zarur.
Yoshlar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini tashkil qiladi. Lekin ular orasida ham alohida eʼtibor va g‘amxo‘rlikka muhtoj toifa bor, bu — yetim bolalar. Ularning salkam 2 ming nafari Mehribonlik uylari hamda Bolalar shaharchalarida, 560 nafari Bolalar uyida, 21 ming nafari maktab-internatlarida tarbiyalanmoqda. Bundan tashqari, 79 ming nafar o‘g‘il-qiz homiylik, vasiylik va oila patronati qaramog‘iga olingan.
Yetimning boshini silash xalqimizda oliy fazilat sanaladi. Ushbu qadriyat milliy qonunchiligimizda ham o‘z ifodasini topgan. Masalan, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunda yetim bolalarga doir alohida modda mavjud. Unga ko‘ra, mazkur toifa to‘liq davlat qaramog‘iga olinadi. Yaʼni davlat yetim bolalarni o‘qitish, ularni uy-joy, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-bosh, poyabzal va boshqa buyumlar bilan taʼminlashga majbur. Ammo kezi kelganda bu kabi normalar faqat qog‘ozda qolib ketayotgani kishi taʼbini xira qiladi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, so‘nggi 10 yilda Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilarining 51 foiziga uy-joy ajratilgan. Mehribonlik uylaridan chiqqan yigit-qizlarning 64 foizi ish bilan taʼminlangan. Bundan anglashiladiki, mamlakatimizda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan farzandlarni turar joy hamda ish o‘rinlari bilan taʼminlash tizimi hali risoladagidek emas. Ahvol necha yildirki, o‘nglanmayapti.
Xo‘sh, muammoning ildizi qayerda? Nega maxsus muassasalardan uchirma bo‘layotgan minglab qorako‘zlarimiz katta hayot qiyinchiliklari oldida yakka holda qolib ketmoqda. O‘ylashimcha, asosiy sabab ijro intizomida.
Yanada aniqroq qilib aytganda, mazkur masalani joylardagi hokimliklar hal qilishi kerak. Amalda esa otangga bor, onangga bor qabilida ish tutilyapti.
Qonuniy haqqini talab qilolmay, davlat idoralarining eshigi tagida sarg‘ayishga majbur bo‘layotgan yetimlar haqida ko‘p eshitamiz. Ular uy olish uchun asossiz ravishda navbatga qo‘yiladi, yana qancha yugurib-yeladi. Holidan xabar oladigan, mushkulini oson qiladigan, og‘ir damda suyab, ardoqlaydigan hech kimi yo‘q. Buning oqibatida shusiz ham ko‘ngli nimta hamyurtimiz ruhan sinmasligi, davlatdan bir umrga norozi bo‘lib qolmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Inchunin, ijtimoiy himoyaga muhtojlarga eʼtiborsizligimiz, tizimdagi kamchiliklarga ko‘zimizni chirt yumib ketayotganimiz ertaga o‘zimizga-da qimmatga tushishi tayin. Gap bir-ikki kishi emas, butun o‘zbek jamiyatining taqdiri, ijtimoiy kayfiyati, ertaga el-yurtiga qanday munosabat ko‘rsatishi haqida bormoqda.
Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Yurtimiz qonunchiligida har bir bola uy-joyli bo‘lish huquqiga egaligi qayd etilgan. Turli vaj-karsonlar bilan mana shu huquqni taʼminlab bermaslik qonunga itoatsizlik, qo‘yingki, yetimning haqiga xiyonat demakdir.
O‘zbekistonda Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilarining salkam yarmi uy-joy bilan taʼminlanmagan. Vaholanki, har yili shu maqsadda davlat byudjetidan katta mablag‘ ajratiladi. Demak, xalqning puli o‘rtada “tuya” qilib ketilmoqda. Bunisi esa endi iqtisodiy jinoyat. Sohada korrupsiya urchib borgani sayin, ijtimoiy taʼminot mexanizmi izdan chiqaveradi. Shuncha vaqt va mablag‘ni behuda sovurganimiz qoladi, xolos.
Mavzuni tahlil qilish davomida qiziq holatga duch keldik. Rasmiy manbalarga ko‘ra, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining 17 foizini chin yetimlar, qolgan 83 foizini ota-onasi yoki yaqin qarindoshlari voz kechgan bolalar tashkil qilar ekan.
Ko‘rinib turganidek, davlat qaramog‘iga olingan juda ko‘p o‘g‘il-qizlarning yo otasi, yo onasi yoki boshqa qarindoshlari hayot. Endi haqli savol tug‘iladi: nega ularni o‘z oilasiga qaytarish choralari ko‘rilmayapti? Masala yana tizimdagi nuqsonlarni ko‘rib, ko‘rmasligimizga borib taqalmoqda.
“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘isida”gi qonunda aytilishicha, har bir bolaning oilada yashash va tarbiyalanish huquqi bor. Barqaror oilaviy muhitning bola psixikasi uchun afzalligini mutaxassislar ham tasdiqlaydi. Faqat mutasaddilar bu haqda unutib qo‘ygandek.
Qoidaga ko‘ra, otasi yoki onasi bor bo‘lgan bolalar faqat bir yilgacha muddatda Mehribonlik uyiga qabul qilinishi mumkin. Amalda esa bolalar yillar davomida bunday muassasalarda qolib ketmoqda. Chunki hokim buvaning qarori chiqqan. Nahotki, o‘sha hujjatlarga indamay qo‘l qo‘yib berayotgan rahbarlar bola begonalar bilan emas, jon-jigarlari bag‘rida unib-o‘sishi ming chandon afzal ekanini tushunmasa? Qolaversa, mana shunday kaltabinlik evaziga davlatga ortiqcha yuk tushyapti.
Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini ish bilan taʼminlash masalasi ham ancha og‘riqli. Bu borada haligacha yaxlit tizim shakllanmagan. Bola voyaga yetdimi, bo‘ldi, o‘z aravasini o‘zi tortaversin, degan tushuncha bilan yashayapmiz.
Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarida taʼlim-tarbiya sifati yuqori emasligini videoselektor yig‘ilishida Prezidentning o‘zi tan olib aytdi. Bu ketishda maxsus muassasalardan chiqqan yigit-qizlar ertaga bir ishni eplab ketishiga shubha qilasan kishi. Aslida ham shunday.
Mehribonlik uylari bitiruvchilarini ishga olish yoki “Ustoz-shogird” anʼanasi asosida korxona va tashkilotlarda kasbga o‘qitish borasida qonunchilikda ham hech gap yo‘q. Mazkur masalani jiddiy o‘ylab ko‘rib, kvotalar tizimini joriy etishning vaqti keldi. Sohada qatʼiy jamoatchilik nazoratini olib borish ham juda muhim. Yoshlar ishlari agentligi hamda Yoshlar ittifoqi bunday ishlarga bosh qo‘shsa, nur ustiga nur bo‘lardi.
Endilikda 18 yoshga to‘lgan, uy-joyga muhtoj yetim bolalarga yangi qurilgan uylar bepul ajratiladi. Xayrli tashabbus, albatta. Biroq ushbu tizim ham o‘zini oqlashi uchun keng jamoatchilikning ishtiroki zarur.
Abror QURBONOV,
O‘zXDP Markaziy Kengashi bo‘lim boshlig‘i
MAKTAB VA MAKTABGACHA TAʼLIM MUASSASALARIDAGI O‘QUVCHILAR VA TARBIYALANUVCHILARNI SIFATLI OZIQ-OVQAT BILAN KAFOLATLI TAʼMINLASHNING AHAMIYATI HAQIDA
Yaqinda bir maʼlumotga ko‘zim tushib qoldi. “Mercy Corps” tashkiloti (AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi (USDA) tomonidan mablag‘ bilan taʼminlovchi) “O‘zbekistonda taʼlim va bolalar uchun oziq-ovqat Makgovern-Doul xalqaro dasturi” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan anglashuv memorandumini imzolabdi.
Yangilikka ko‘ra, byudjeti 21,5 million AQSH dollariga teng ushbu dastur 400 dan ortiq maktabgacha taʼlim muassasasini oziq-ovqat bilan taʼminlaydi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi 245 ta qishloq va kam taʼminlangan maktabgacha taʼlim muassasasidagi 90 ming bola uchun ovqatlanish va taʼlim olishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha infratuzilmani rivojlantirishni ko‘zda tutadi.
Bu xabarni o‘qib, maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalarga yaxshi bo‘lganidan suyunib turgan ham edimki, Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi bir foydalanuvchining ushbu yangilikka izohiga ko‘zim tushdi. Unda shunday deyilgan: “Hamkasbimning bir qo‘shnisi kunora ularning muzlatgichiga vaqtincha go‘sht qo‘yib turish odatini chiqaribdi. Yog‘siz, suyaksiz lahm go‘sht. Hatto bir-ikki marta bu go‘shtdan sotib olishni ham taklif qilibdi.
O‘zining muzlatkichiga sig‘dirolmay, boshqanikiga qo‘yib turishga, o‘zlari yeb ulgurolmay, sotib yuborishga ehtiyoji tug‘ilgan bo‘lsa kerak, sho‘ring qurg‘urning.
Surishtirib ko‘rishsa, u qo‘shni bolalar bog‘chasida oshpaz bo‘lib ishlar ekan. Keyin hamkasbim ayoliga qo‘shni go‘shtini qo‘yib turishga boshqa ruxsat bermaslikni tayinlabdi.
Bog‘chadagi taomlardan ota-ona va bolalarning noligani qulog‘imizga tez-tez chalinib turadi. Bog‘chalarga yetib kelguncha go‘shtlar necha pog‘onalardan yulinib-shilinib, bolalar ovqatiga chandir, yog‘, quruq suyaklar tushsa kerak.
Endi Amerikadan kelayotgan yordamdan kimlar ko‘proq xursand bo‘layotgani va u yordamning qanchasi bolalar oshqozoniga yetib borishini tasavvur qilyapman”.
Izohda aytilgan holatga biror so‘z deyishga ham kishining asabi bardosh bermaydi. Negaki, kelajagimiz egasi deb tarbiyalayotganimiz — bolalarning rizqini qiyib, ular uchun ajratilgan mahsulotlarni uyiga olib ketayotgan vijdonsiz maktabgacha taʼlim muassasalari xodimlariga gap taʼsir qilishiga odamning ishongisi ham kelmaydi.
Ota-ona bolasini bog‘chaga tekinga bermaydi, har oy belgilab qo‘yilgan mablag‘ni to‘laydi, bolam shu yerda biror narsa o‘rgansin, deydi. Lekin yuqoridagi kabi holatlar ko‘ngilni xira qilib, olib borilayotgan siyosatga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini paydo qiladi. Bog‘cha xodimi shunchalik razillikka boryaptimi, demak tizimdagi kattalar undan ham kattaroq “ishlar”ni qilayotgan bo‘lishi mumkin, degan gumon paydo bo‘ladi.
Mavzuga qaytadigan bo‘lsak, oziq-ovqat mahsulotlari inson organizmini moʻtadil darajada ushlab turuvchi manba hisoblanib, har bir insonning o‘z vaqtida, meʼyorida va yoshiga mos ravishda ovqatlanishi muhim ahamiyatga ega. Shu kabi bolalarning ham jismonan, ham maʼnan rivojlanishida ular tanovvul qilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rni beqiyos. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, organizmda yetarli darajada, yaʼni sarflanadigan va oziq-ovqatlar bilan tushadigan quvvat o‘rtasida muvozanat saqlansa, inson sog‘lom bo‘ladi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, maktabgacha yoshdagi bolalarning organizmi tez o‘sadi, tana aʼzolari shakllanishi davom etib, modda almashuv jarayonlari ham kuchayadi. Bu davrda markaziy asab tizimi tezkor surʼatda rivojlanadi. Maktabgacha davrning oxirida bolada barcha asosiy harakatlarni egallash va nutqining yaxshi rivojlanish jarayoni kechadi. Bu esa ularda yuqori harakat faolligini va katta energiya sarflanishini talab etadi. Bola organizmining rivojlanishi, hujayralar tuzilishi uchun kerak bo‘lgan moddalar, birinchi navbatda, oqsillar, vitaminlar va minerallarni ko‘p talab etadi. Ayni yoshda ko‘p vaqti maktabgacha taʼlim muassasasida o‘tadigan bolalarimizning qanday ovqatlarni isteʼmol qilishi juda muhim.
Shuningdek, maktab yoshidagi bolalarning ratsional ovqatlanishi ularning har tomonlama rivojlanishining birlamchi shartlaridan hisoblanadi. Maktab davri yoshidagi bolalarda tezkor o‘sish, mushak va suyaklarning kattalashishi, moddalar almashinuvini kuchayishi kuzatiladi. Aynan shu davrda organizmning to‘liq yetilishi va shakllanishi kuzatiladi. Bu murakkab jarayonlarni taʼminlash uchun maktab yoshidagi bola yetarli darajada turli modda va vitaminlarga boy bo‘lgan biologik mahsulotlar isteʼmol qilishi kerak. Shu sababli maktab oshxonalarida qanday ovqatlar tayyorlanishi, o‘quvchilar nimalarni tanovvul qilayotganiga ham jiddiy eʼtibor qaratish lozim.
O‘smirlik davrida qator kasalliklar noto‘g‘ri ovqatlanish sababli yuzaga keladi. Ushbu yoshlarda chizburger, gamburger, xod-dog, chipslar bilan birgalikda, gazli va rangli salqin ichimliklarning isteʼmol qilinishi turli xil kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Ovqat tayyorlash jarayonida qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yish, mahsulotlarni tayyorlash texnologiyasiga amal qilmaslik uning sifatini pasayishiga, organizm uchun hech qanday qiymatsiz taomga aylanishiga olib keladi.
Yuqoridagilarga asoslangan holda shuni taʼkidlash mumkinki, mamlakat kelajagining bunyodkori bo‘lgan farzandlarimizni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash uchun har birimiz masʼul bo‘lmog‘imiz darkor. Shundan kelib chiqqan holda, qadimgi yunon faylasuflarining “Odam isteʼmol qiladigan ovqati uning taqdiriga ham bevosita taʼsir ko‘rsatadi” degan so‘zlarini yodga olish o‘rinli bo‘ladi.
Boymurod YUSUPOV,
O‘zXDP Markaziy Kengashi bo‘lim boshlig‘i
Materiallar O‘zbekiston XDP axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.