Oʻzbekiston BMT Statistika Komissiyasiga saylandi

Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan BMT Statistika Komissiyasining 2026-2029 yillarga aʼzo davlatlarini saylash jarayonida tarixida ilk marta Oʻzbekiston Respublikasi ushbu organ aʼzosi etib bir ovozdan saylandi.
Shuni taʼkidlash lozimki, Statistika Komissiyasi 1947-yilda BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi (IIK) tomonidan funksional organ sifatida tashkil etilgan. U xalqaro statistika sohasining rivojlanishini belgilovchi asosiy hukumatlararo tashkilot boʻlib, universal statistika standartlari va metodologik prinsiplarga oid ishlarni muvofiqlashtiradi. Komissiya 24 ta davlatdan iborat boʻlib, ular 4 yilda bir marta geografik taqsimotni hisobga olib saylanadi.
Oʻzbekistonning ushbu organ aʼzosi etib saylanishi mamlakatda Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning xalqaro miqyosda tan olinganligini va mamlakatning global jarayonlardagi oʻsib borayotgan rolini koʻrsatadi.
Statistika Komissiyasiga toʻliq aʼzo boʻlish Oʻzbekiston uchun global statistik siyosatni shakllantirishda ishtirok etish, milliy tajriba va islohotlar yutuqlarini namoyish etish, ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun keng imkoniyatlarni ochib beradi.